Shohruhxon kontsertining ilk kunida Asal Shodievaga sevgi izhori qildi

kod
23 mayda "Istiqlol” san'at saroyida xonanda Shohruhxon  kontsertining ilk kuni bo'lib o'tdi. Kontsertga xonandaning hamkasblaridan "Bojalar” guruhi yakkaxoni Jahongir Poziljonov, Lola Yo'ldosheva, Shahzoda, Manzura Yo'ldosheva, aktrisa Asal Shodieva, Sitora Alimjonova, radioboshlovchi Dilmurod G'ulomov, xonandaning onasi Zebo Navro'zova hamda ukasi Muhammadali Yo'ldoshevlar tashrif buyurdi. 
Kontsert vaqti boshlanib, zal tomoshabinlar bilan liq to'ldi. Dekoratsiya oddiy va ortiqcha bezaklardan holi tarzda bezatilganiga guvoh bo'ldik. 
1. Kontsert boshlanib, muxlislar qarsaklari ostida Shohruhxon  "Moda” qo'shig'ini kuylab chiqib keldi.  Xonanda ushbu qo'shiqni kuylayotib sigvey bilan sahnaga namoyon bo'ldi.  Aytish joizki, hali shu paytgacha biror san'atkor sahnaga sigvey bilan chiqib kelmagan edi. Qisqasi, bu xonandaning kontsertni boshlab olish uchun o'ylab topgan noodatiy topilmasi bo'ldi.  
2. "So'nggi qo'ng'iroq” qo'shig'i yangrab, ekranda "Bitiruvchi 2016” titri tasvirlandi. Bu kontsertni hayajon bilan kuzatayotgan,  ertaga maktabni bitirish arafasida turgan bitiruvchilar uchun yoqimli tuhfa bo'lgani ularning kayfiyatidan sezilib turdi. Qo'shiq yakunida raqqos bolalar tomonidan  xonandaga "sirli ravishda” sevgi maktubining uzatilishi yaxshi topilma bo'ldi. 
3. "Qorako'z” sho'x raqsbop, milliy taronasiga ijro etilgan raqslar avvaliga qovushmagandek tuyuldi. Ammo ijro mahoratini kuzatish davomida biz raqqoslar harakatlarida milliy va zamonaviy aerobika raqs harakatlarining uyg'unligi aks topganligiga, tomoshabinni zeriktirmaslik uchun hatto raqs harakatlarigacha jiddiy yondashilib, bu borada ko'plab muxlislar auditoriyasining didi inobatga  olinganligiga guvoh bo'ldik. 
4. Ukasi Shuhrat Yo'ldoshev bilan kuylangan duet qo'shig'i ham muxlislarga manzur bo'ldi. Kontsertda boshlovchi bo'lmadi. Ammo dastur davomida bosh qahramon - Shohruhxon nomidan o'qilgan monologlar muxlislar uchun kutilmagan, takrorlanmas yangilik bo'ldi. 
5. "Oshiq bo'ldim” qo'shig'iga sahnalashtirilgan, juft raqqoslar tomonidan ijro etilgan nafis va romantik raqs harakatlari muxlislarni maftun etdi. Ular ijrosidagi murakkab, professional yondoshilgan tryuklar muxlislar olqishiga, qiyqiriqlariga sabab bo'lib, hijron va visol onlari oshiq-ma'shuqlar talqinida, harakatlarida chiroyli ifoda topdi. Shuningdek, sahnada ushbu juftlik tomonidan chizilgan surat esa baletmeysterlar tomonidan o'ylab topilgan omadli topilma bo'ldi, desak yanglishmaymiz.   
6. Shohruhxon ijodi davomida ustozlar repertuariga murojaat qilgani haqida so'zlab, mashhur "Bolalar” guruhi solisti Tohir Sodiqovning xit qo'shiqlaridan biri bo'lgan "Yog'sin yomg'ir tonggacha” qo'shig'ini ijro etdi. 
7. Xonanda tomonidan "Zo'rsan” qo'shig'i kuylanib, sahnaga oppoq libosdagi Asal Shodieva raqqos yigitlar qurshovida, qo'g'irchoq qiyofasida chiqib kelib, xonandaga jo'r bo'ldi. Yaqinda to'yi bo'lib o'tishi kutilayotgan ushbu juftlik tomonidan ijro etilgan mazkur duet qo'shig'i muxlislar uchun kutilmagan syurpriz bo'ldi. Qo'shiq yakunida Shohruhxon  ramziy ma'noda "duetdoshi”ga "mitti yurakcha”ni hadya etdi. Xonanda tomonidan qilingan ushbu yoqimli sevgi izhori muxlislar olqishiga sabab bo'ldi. 
8. Xonanda tomonidan onalarga atab kuylangan qo'shiqqa mos ravishda ekranda videorolik taqdim etildi. Qo'shiq yakunida ukasi Muhammadali tomonidan sahnaga olib chiqilgan onasi Zebo Navro'zova ko'zi bog'liq holda qo'shiq ijro etgan o'g'lining ko'zidagi tasmani echib, unga samimiy tilaklar bildirdi va zaldagi barcha onalar nomidan o'g'liga atab qo'shiq kuyladi. Ingliz tilida kuylangan "yonimda qol” mazmunida kuylangan qo'shiq ayrim muxlislar ko'ziga yosh keltirdi...  Qo'shiq oxirida Zebo Navro'zova hayajon bilan o'g'liga oq fotiha berdi. 
9. Qo'shiqlarning biriga xonandaning onasi Zebo Navro'zova, Manzura Yo'ldosheva va Asal Shodieva birgalikda raqsga tushdi. 
10. "Qaramasa qaramasin” qo'shig'ini kuylab xonanda sahnadan pastga tushdi. Shunda muxlislar o'zi keltirgan gul va esdalik sovg'alarini xonandaga taqdim etishga muvaffaq bo'ldi. 
11. Kontsert davomida Shohruhxon xonanda Shahzodani sahnaga chaqirib, uning eng sevimli xonandasi ekanligini ta'kidladi. Shundan so'ng, Shahzoda va Shohruhxon  ijrosida "Allo” dueti kuylandi.
12. Kontsert yakunida Shohruhxon   "Yulduzlar” qo'shig'ini kuyladi. Bundan avval dilidagi samimiy so'zlar bilan muxlislarini ma'joziy ma'noda "o'zining yulduzlari”ga qiyoslagan xonanda ulardan odatdagidek qo'l telefonlaridagi chiroqlarni yoqishlarini so'radi. Xonandaning iltimosiga ko'ra zalda o'tirgan barcha muxlislar qo'l telefonlaridagi chiroqlarni yoqib, shar va boshqa yonar chiroqlar uyg'unligidagi bu go'zal manzara kishiga ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi. Zal bir zumda chiroqlardan yorishib ketdi. Qo'shiq o'rtasida taqdim etilgan "Andijon polka”, unga xirom etgan raqqosalar, xonandaning qo'shiqqa mos raqs harakatlari kontsertga yanada fayz ulashdi.
13. Ayniqsa "Bojalar” guruhi yigitlari va yakkaxoni Jahongir Poziljonov tomonidan namoyish etilgan kichik sahna ko'rinishi va "Bo'ydoqman” sho'x raqsbop taronasi tomoshabinlar kayfiyatini yanada ko'tarib yubordi. Yigitlar ijrosida taqdim etilgan qo'shiq musiqasiga xos zamonaviy raqs harakatlari, Jahongir Poziljonov tomonidan Shohruhxonga ko'rsatilgan kelinlikka nomzod qizlarning suratlari,  hazil aralash aytilgan "do'ppini kiyib, uchrashuvga chiqishi shart”i san'atkorlar tomonidan qo'llangan qiziqarli topilma bo'ldi. 
Bir so'z bilan aytganda kontsert kutilmagan ajoyib topilmalarga boy bo'ldi. Zal, balkon muxlillar bilan to'lib, birota ham bo'sh o'rin qolmadi. Kontsert davomida xonanda to'rt xil kostyumda namoyon bo'ldi. Dekoratsiya vazifasini bajargan, sahnadagi katta ekranda nur sochib turgan jilvador va rang barang chiroqlar, harakatdagi "effektlar” esa har bir qo'shiq mazmuni hamda musiqasi taktlariga xos jilvalanib turdi. Bundan ko'rinadiki, xonanda tomoshabinning asosiy e'tibori kontsert dasturi va unda kuylanadigan qo'shiqlarga qaratilishiga ko'proq ahamiyat bergan. Kontsert davomida xonanda beshga yaqin yangi qo'shiqlar kuyladi. Dastur davomida qo'llangan yangiliklar, kutilmagan topilmalarni hisobga olganda Shohruhxonning jiddiy tayyorgarlik ko'rgani sezilib turdi. 
Buni xonandaning kayfiyati, sahnada o'ziga bo'lgan kuchli ishonchidan, qolaversa, muxlislarning kontserdan to'laqonli qoniqish hosil qilganligidan sezib olish mushkul bo'lmadi.
Agar bugun va ertaga bo'lib o'tadigan kontsertni ham xuddi shu kayfiyatda o'tkazsa, o'ylaymizki, bu yilgi imtihondan Shohruhxon "a'lo” bahoga munosib ravishda o'tadi. 

Muxbir: Mohichehra Eshmirzaeva

Foto: Muhamedaliev Muzaffar (@muzaffarshaxManba: "Kun.uz"

Ваши отзывы

  • Коментарии
Яндекс.Метрика