Onajon

kod
Onajon

Topmoq - yo`qotmoqdir,
Yo`qotmoq – topmoq,
Sen so`lib,
Men yashab, 
To`lishimga boq.
Sensiz topganimdan
Ko`proq yo`qotdim –
Sen meni yupatding,
Seni yig`latdim,
Sen meni yaratding,
Seni tugatdim.
Uyalmay ONA deb,
Kelishimga boq!..

Sog`inch haqda she`rlar
Yozdim o`zimcha,
Mendan peshonangda
Dog`lar tizimcha.
O`g`il bo`lmay o`lay,
Attangb ming attang.
Qiz tug`sang netardi,
Ko`proq qiz tug`sang!..
Tirgak bo`lolmadim 
Bitta qizingga
Uyalmay shoirman 
Deyishimga boq.

Joningdan aylanay,
Turgil jonajon,
Yo`l qarab bo`ldimi
Jigarginang qon?
Boqma, ko`zlarimga
Bemajol, xasta,
Mening topganlarim
Gulmi bir dasta,
Yo`qotganim senmi
Endi ONAJON?..
O`z etimni o`zim
Yeyishimga boq.

Bilsang yuragimni
Bir alam elar.
Buyursang qo`limdan
Kelmaydi nelar,
Ayt,
Pichan yig`aymi, 
O`tin yoraymi,
Yerni haydayinmi,
Ko`k ag`daraymi?..
Itdek oyog`ingga
Suykalgim kelar –
Uchib-uchib, mana
Qo`nishimga boq.

Hech narsa kerakmas,
Bolam, hech deysan.
Endi kech deysan-da,
Endi kech deysan.
Yuzimni bosaman
Muzday yuzingga,
ONAJON,
Zor qilib ketma izingga!
O`lim oldida ham 
G`amimni yeysan,
Men-chi, jim, taqdirga
Ko`nishimga boq.

She`rim bitdi,
Xayir,
Do`stlar xush qoling.
Bedil yashamakka
O`rganmang menday
Boring,
Volidangiz 
Ko`nglini oling,
Ertaga
Kech qolib
O`rtanmang menday.

Muhammad Yusuf

Ваши отзывы

  • Коментарии
Яндекс.Метрика