Erkak xotin o‘rnida bo‘lsa...

kod
Sharofatxon "mol”ga to‘la ikkita kat-ta-katta sumkasini yerga qo‘yarkan, og‘ir "uf” tortib, bir oyogi sinaman-sinaman deb turgan stulga tap etib o‘tirib oldi.
— Shunaqa charchadim, — dedi chapillatib saqich chaynarkan. — Oyoqlarim sinib ketay deyapti.
Sharofatxon go‘yo shu bilan oyoqlari tuzalib qoladigandek, tirsillab yotgan boldirlarini silab-silab qo‘ydi. Keyin saqichini og‘zidan olib stol ustida turgan likopchaga yopishtirib qo‘ydi-da, bankadagi muzdek choyni oxirigacha simirdi.
— Nima ovqat qilyapsiz?
Shu paytgacha xotinini indamay eshitib turgan Zuhriddin nihoyat tilga kirdi.
— Sho‘rva, — dedi xotiniga qo‘rqa-pisa qarab.
— Nima?! Sho‘rva?! — Sharofatxonning ko‘zlari olayib ketdi. — Charchab kelib shildiragan sho‘rvangizni ichamanmi?! Baquvvatroq ovqat qilsangiz o‘lasizmi?! Palovmi, mantimi — ishqilib, qorinda turadiganrog‘idan... Shuniyam aytib ketishim qoluvdi endi!
Zuhriddin rahbaridan bir dunyo tanqid eshitgan xodimdek aybdorona jilmayib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
— Uzr, xonim bilmabmiz. Qaynoq sho‘rva charchoqni oladi deb...
— ?e, o‘sha sho‘rvangizga ham... — Sharofatxon so‘kina-so‘kina yotoqxonaga kirib ketdi.
— Mening xalatim qani?! — shang‘illadi u o‘sha yokdan.
— Yuvib-dazmollab, shkafga osib qo‘yganman, — stolga dasturxon yozayotgan Zuhriddin jur’atsizgina so‘radi:
— Nima ichasiz — choymi, kofemi?!
— Choy damlayvering, — yana shang‘illadi Sharofatxon. — Kofe ichib uxlolmay o‘laman. Keyin kallam pishmay qoladi... Achchiqroq bo‘laversin!
Zuhriddin stol ustiga hamma narsani tayyorlab qo‘yganda, Sharofatxon yo‘l-yo‘lakay xalatining tugmalarini qadab, yotoqxonadan chiqib keldi. Dasturxondagi noz-ne’matlarga bir-bir qarab chiqdi-da, ko‘ngli to‘ldi shekilli, iljayib qo‘ydi.
— Yaxshi-i...
— Bolalarni bog‘chadan olib kelaveraymi? — xotiniga mo‘ltiradi Zuhriddin. — Soat besh bo‘pqoldi.
Sharofatxon erini koyib tashlagisi keldi-yu, og‘zidagi luqmasi gapirishga yo‘l qo‘ymadi, chog‘i, "Boravermaysizmi?..” deb o‘shqirdi.
— Agar choyingiz tugasa, chovgumda qaynab turibdi, — Zuhriddin shunday deb endi eshikka yo‘nalgandi, Sharofatxon to‘xtatdi.
— Ko‘chadan besh-oltita tuxum obkeling,
— dedi eriga ikkita ming so‘mlik uzatarkan. — Men sho‘rvangizni icholmayman. Suyuqlik qorin tuydirarkanmi?! Boring tezroq!..
Zuxriddin shalviragancha chiqib ketdi...
Yarim soatlardan so‘ng yo‘lakdan Zuhriddinning "Baqirmanglar, oyingning boshi og‘rib qoladi”, degani, shu bilan birga bolalarning baqir-chaqiri eshitildi. Bu paytda Sharofatxon mehmonxonadagi divanda yonboshlagancha televizor ko‘rardi.
— Oyi! Oyi! — baqirdi kichkina Zufar Sharofatxonning bilagiga osilib. — Biz-chi, bog‘chada zo‘r o‘yin o‘ynadik...
— Salom qani, tirrancha?! Men senga nima deganman?!
Zufar qovog‘ini solib ming‘irladi:
— Assoleykum...
Onasining "Salom qani?” deganini eshitib qolgan Shohista kira solib baqirdi:
— Assalomu alaykum, oyijom!
Sharofatxon mamnun jilmayib qizini maqtab qo‘ydi:
— Malades, Shohista. ?ar doim shunaqa qilgin.
Zufarning jahli chiqib, Shohistaga o‘qrayib qaradi. Keyin bir nima esiga tushdi, shekilli, hiringlab kuldi.
— Oyi! Shohis-chi, bugun bog‘chada siyib qo‘yibdi...
— Nima devossan?! — Shohista ukasiga yopishdi. — Aldavossan!
— Aldamayapman. Bog‘chapang aytdi-ku! — chinqirdi Zufar Shohistaning sochlariga chang solarkan.
Sharofatxon baqirib berdi:
— O‘chirlaring ovozingni! Janjallaring qursin! — xuddi shu asnoda eshikdan mo‘ralagan Zuhriddinga zahrini sochdi: — Bularning ovqatini yedirmaysizmi?! Boshimni og‘ritib tashlashdi. Jonimga tegib ketdi. Opchiqing!
Zuhriddin itoatkorlik bplan xotinining amrini bajarishga kirishdi: bolalarning kiyimini almashtirdi, ovqatlantirdi.
Bolalar o‘z xonasiga kirib ketgach, Zuhriddin uchta tuxumni qovurdi-da, xotinini chaqirdi.
— Xonim, ovqatingiz tayyor bo‘ldi.
Sharofatxon chiqavermagach, Zuhriddin mexmonxonaga mo‘raladi. Xotini qo‘lida uyali telefonini ushlagancha pishillab uxlab yotardi.
— Xonim... — ohista chakirdi Zuhriddin. — Ovqatingiz tayyor...
— E-e, boring-ey, — to‘ng‘illadi Sharofatxon ko‘zlarini ochmay. — Uxlagani qo‘yasizmi?!
Zuhriddin Sharofatxonning uyali telefonini olib qo‘ydi-da, yig‘ilib qolgan kirlarni yuvish uchun vannaxonaga kirdi...

Ваши отзывы

  • Коментарии
Яндекс.Метрика