MATMUSANING UYLANISHI

kod
Safar qildi Matmusa 
Olisdagi shaharga. 
Ul shaharda yo'liqdi 
Bir hur pari-paykarga. 
Bo'ydoq edi Matmusa, 
Uzoq turmay o'ylanib, 
Qishlog'iga qaytdi u 
Ul sanamga uylanib. 
Xech gap emas baxt kelsa, 
Aytar omad deb buni: 
Uch oy o'tmay jononning 
Yaqinlashdi oy-kuni. 
Hamma hayron, hamma lol: 
«Biz bir yilcha kutardik, 
Matmusaning xotini 
Chiqib qoldi udarnik». 
Ne ekan deb, shoshilib 
Zarbdorlikning bu siri, 
Chopib keldi suhbatga 
Donishgazet muxbiri. 
«Biz ham chetda emasmiz, 
Biz ham sherik mehnatga», - 
Deb Matmusa tirjayib, 
Qo'shiladi suratga. 
Ertasiga bu xabar 
Tarqab ketdi har yoqqa. 
Sarlavha ham chiroylik: 
«Ilg'or o'rnak — qishloqqa». 
Xat yog'ilar erlardan: 
«Tashabbusni qo'llaymiz! 
Xotinlarni tajriba 
Almashishga yo'llaymiz!» 
Alvon-alvon shiorlar 
Paydo bo'lar har joyda: 
«Yangilikka — katta yo'l!» 
«To'qqiz oyni — uch oyda!» 
Hay'atlarda kekkayib 
Yayrab yurar Matmusa. 
Biz undoq, biz bundoq deb 
Sayrab yurar Matmusa 
Alqissa shu — ba'zida 
Shunday bo'lib qoladi — 
Birov qilib mehnatni, 
Birov obro' oladi.

Ваши отзывы

  • Коментарии
Яндекс.Метрика